Muallif: TDIU
Tavsifi: Ushbu interaktiv oʻyin yuqori sinf oʻquvchilari (10-11-sinflar) uchun moʻljallangan boʻlib, oʻquvchilarga investitsiya va moliyaviy boshqaruv boʻyicha olgan bilimlarini amalda mustahkamlashga yordam beradi. Oʻyin davomida oʻquvchilar turli investitsiya imkoniyatlari va moliyaviy strategiyalar bilan tanishib, oʻz aktivlarini qanday qilib samarali oshirish va risklarni baholash haqida koʻproq bilim olishadi. Shu bilan birga, oʻyin real hayotdagi kutilmagan moliyaviy vaziyatlarda, masalan, investitsiya qiymatlarining pasayishi yoki xarajatlarning oʻsishi holatlarida, qaror qabul qilish qobiliyatlarini rivojlantiradi. Mazkur oʻyin “Iqtisodiy bilim asoslari” va “Tadbirkorlik asoslari” fanlarining investitsiya va moliyaviy rejalashtirish mavzulari doirasida interaktiv dars sifatida oʻtkazilsa, ayniqsa foydali boʻladi. Oʻyin guruhlar orasida oʻtkazilib, oʻquvchilar oʻz jamoalari bilan birgalikda strategik qarorlar qabul qilishadi va dars davomida olgan bilimlarini jamoaviy loyihalarda qoʻllash imkoniyatiga ega boʻlishadi.
Mavzu: Umumiy
Ishtirokchilar yoshi: 15 - 18 yosh
Ishtirokchilar soni: 25 - 30
Davomiyligi: 40 - 45 daqiqa
Format: offline
Qoidasi: Oʻyin jamoaviy tarzda oʻynalgani uchun oʻqituvchi oʻyin avvalida oʻquvchilarni guruhlarga ajratadi. Oʻquvchilar imkon qadar aylana shaklda joylashgani maqsadga muvofiq. Oʻyinni oʻynash uchun asosiy material Microsoft Power Point dasturida tayyorlangan slayd hisoblanadi. Shuning uchun ham oʻyinni sinfxonada tashkil etish uchun sinfxonada kompyuter, monitor va proyektor yoki televizor boʻlishi zarur. Har bir guruhga virtual 1 million soʻm miqdorida pul beriladi. Oʻyinning asosiy gʻalaba qozonish sharti, guruhlarning asosiy vazifasi ularga berilgan 1 million soʻm pul mablagʻini oʻyinni oxirigacha iloji boricha maksimal darajada koʻpaytirish hisoblanadi. Oʻyin yakunida qaysi jamoa eng koʻp pul toʻplagan boʻlsa, oʻsha jamoa gʻalaba qozongan boʻladi. Tayyorlangan slaydning birinchi sahifasida raqam boʻlib, har bir guruhdan navbati bilan ketma-ketlikda oʻquvchilar raqamlarni tanlaydi. Har bir raqam maʼlum slaydni maʼlum sahifasiga gipersilka bilan bogʻlangan. Raqam tanlangach oʻqituvchi sichqoncha koʻrsatgichini raqamni ustiga olib kelib bosadi. Oʻyinda raqamlar 3 guruhdagi shartlarga yaʼni investitsiya, xarajat va bonus yoki jarima deb nomlangan shartlarga bogʻlangan boʻlib, har bir shartni raqamni tanlagan guruh jamoa aʼzolari bilan kelishgan holda tanlaydi va shartni bajaradi. Misol uchun birinchi guruhdan bitta oʻquvchi deylik 19 raqamini tanladi. Oʻqituvchi 19 raqamini ustiga bosadi. Bu raqam investitsiya deb nomlangan sahifaga oʻtadi. Demak, guruh budjetidagi maʼlum summasi yoki budjetni barchasini (jamoaviy kelishgan holda) investitsiya yoʻnaltirishi aniq boʻladi. Soʻngra oʻqituvchi investitsiya soʻzini ustiga bosadi. Bu slayd ham boshqa slaydga gipersilka bilan bogʻlangan boʻlib, guruhga bir nechta investitsiya imkoniyatlarini beradi. Guruh aʼzolari kelishgan holda oʻzlari xohlagan qimmatli qogʻozga, koʻchmas mulkka, qimmatbaho buyumga yoki biznesga investitsiya kiritib daromad olishlari mumkin yoki zarar koʻrishlari mumkin. Oʻquvchilarga har bir investitsiya varianti uchun qisqa ssenariy berilgan boʻlib, guruh aʼzolari oʻsha ssenariy asosida qaysi biriga investitsiya kiritishni qaror qilishlari zarur. Agar raqam orqasida xarajat deb yozilgan slayd bilan bogʻlangan boʻlsa, demak, guruh oʻz budjetidagi maʼlum mablagʻni xarajatga yoʻnaltirishi zarur. Bunda ham xarajatlarni bir nechta varianti berilgan boʻlib, ular qisqa ssenariy bilan oʻquvchilarga taqdim etilgan. Qaysi xarajatni tanlash guruh aʼzolarining oʻziga bogʻliq. Qilinishi kerak boʻlgan xarajat guruhga berilgan 1 million soʻm hisobidan qilinadi. Agar raqam bonus yoki jarima bet yozilgan sahifa bilan bogʻlangan boʻlsa, demak, guruh kutilgan bonus bilan mukofotlanadi yoki jarima bilan jazolanadi. Bu oʻyinni qiziqarliligini taʼminlash uchun qoʻshilgan. Guruh aʼzolari budjetni hisoblash uchun berilgan maxsus jadvalga investitsiyalardan olingan daromad yoki zararni, xarajatlarni, bonus yoki jarimalarni har safar hisoblab boradi. Birinchi guruh raqam tanlab shartni bajargandan soʻng ikkinchi guruh, soʻngra uchinchi guruh, oxirida soʻngi guruh tanlaydi va shartlarni bajaradi. Keyin esa yana birinchi guruh raqam tanlaydi. Oʻyin shu asnoda davom etadi. Qaysi guruhni oʻyin tugamasdan budjetidagi puli tugab qolsa, oʻsha guruh oʻyindan chetlatiladi. Oʻyin vaqtga qarab 5 davradan 8 davragacha davom etishi mumkin (Albatta bu guruhlar soniga va vaqtga bogʻliq). Oʻyin davomida bitta raqam faqat bir marta tanlanishi zarur. Bitta raqam bir marta tanlanishi uchun oʻqituvchi har bir tanlangan raqamni doskaga yozib qoʻysa maqsadga muvofiq boʻlar edi. Har bir davrada har bir guruh oʻz budjetlaridagi oʻzgarishni hisoblab boradi. Oʻyin oxirida qaysi guruhda koʻp pul boʻlsa, oʻsha guruh gʻolib deb eʼlon qilinadi.
Maqsadi: investitsiya va sugʻurta vositasida moliyaviy risklarni boshqarishga va budjet menejmentiga yoʻnaltirilgan amaliy, interaktiv oʻyin orqali moliyaviy savodxonligini oshirib, oʻquvchilarni real hayot ssenariylari orqali ularning maʼlum bir moliyaviy resurslarni investitsiya yoʻnaltirib daromad olish, xarajatlarni boshqarish va turli xil kutilmagan risklarga tayyorlash, shuningdek, muhim vaqtlarda toʻgʻri moliyaviy qarorlar qabul qilish olish boshlangʻich bilimlarni oʻquvchilar ongida shakllantirishdan iborat.
Vazifalari:
• oʻyin orqali oʻquvchilarning investitsiya, sugʻurtaga, soliq va budjet menejmentiga oid bilimlarini mustahkamlash
• daromad olishda investitsiyalarning ahamiyati ahamiyatini oʻyin orqali yetkazib berish
• xarajatlarni toʻgʻri taqsimlash
• jamoaviy ishlash qobiliyatini rivojlantirish
• fanga qiziqtirish.
• kelajakda investitsiya qilib daromad olishga qiziqtirish
Kompetensiyalar:
• Investitsiyalar, sugʻurta va soliqqa oid atamalarni mazmunini tushunish.
• Shaxsiy budjetni toʻgʻri boshqarish, kutilmagan xarajatlarga asosan budjetni rejalashtirish
• Tezkor, toʻgʻri va kreativ fikrlash.
Materiallar tarkibi:
Ssenariy
O‘yin uchun taqdimot
Budjetni hisoblash jadvali
Yuklab olish: O'yin manbasi
Statistika: 62 marta yuklab olingan
O'yinlarga qaytishDesigned by: Abduazizkhon Shomansurov