“Yosh sugʻurtachilar” oʻyini

“Yosh sugʻurtachilar” oʻyini

Muallif: TDIU

Tavsifi: Ushbu interaktiv oʻyin yuqori sinfda taʼlim olayotgan oʻquvchilari (10-11) uchun moʻljallangan boʻlib, mazkur oʻyin orqali oʻquvchilar iqtisodiyot fanlarini doirasida sugʻurta mavzulari boʻyicha olgan bilimlarini mustahkamlashga yordam berib, oʻyin orqali olingan bilimlar kelajakda oʻquvchilarni turli xil kutilmagan nojoʻya voqea-hodisalar natijasida oʻzlarining shaxsiy mol-mulki, avtomobili, sogʻligini va boshqa qimmatbaho buyumlariga yetkazilgan moliyaviy zararlarini sugʻurta vositasida qanday qilib bir qismini yoki toʻliq qoplash mumkinligi va qisman oila budjetidan qanday qilib qilib samarali foydalanish boʻyicha tushunchalar beradi. Bu oʻyin “Iqtisodiy bilim asoslari” va “Tadbirkorlik asoslari” fanlarining sugʻurta va sugʻurta faoliyatiga oid mavzular doirasida tashkil etilgan interaktiv darslar oʻynalsa maqsadga muvofiq boʻladi. Oʻyin guruhlar oʻrtasida oʻtkaziladi.

Mavzu: Umumiy

Ishtirokchilar yoshi: 15 - 18 yosh

Ishtirokchilar soni: 25 - 30

Davomiyligi: 40 - 45 daqiqa

Format: offline

Qoidasi: Oʻqituvchi oʻyin boshida sinfdagi oʻquvchilarni har biri 5-6 ta ishtirokchidan iborat guruhlarga ajratishi zarur. Guruhlar oʻquvchilar soniga qarab 5-6 ta boʻlishi mumkin. Guruhlar oʻzaro kelishgan holda oʻzlariga nom tanlaydi. Har bir guruh budjetiga yasama pullar beriladi. Guruhning asosiy vazifasi oʻyin oxirigacha mana shu budjet mablagʻlarini iloji boricha tejab sarflash hisoblanadi. Oʻyin yakunida qaysi jamoada koʻp mablagʻi qolgan boʻlsa oʻsha guruh gʻalaba qozonadi. Oʻyin qoidasiga koʻra, guruhlar oʻzlarining uy-joyini, avtomobilini, sogʻligini va qimmatbaho buyumlarini taklif etilgan sugʻurta tariflaridan birini tanlab, agar sugʻurta qilish majburiy boʻlsa sugʻurta qilishi kerak. Agar sugʻurta qilish ixtiyoriy boʻlsa, bu guruhning qaroriga asosan sugʻurta qilishi ham mumkin yoki qilmasligi ham mumkin. Yaʼni xohlasa sugʻurta polisini sotib oldi yoki sotib olmaydi. Oʻyin boshida hamma jamoalar belgilangan tartibda va tariflarda sugʻurta polisini uchun pul toʻlashib (oʻqituvchiga toʻlanadi) budjetini yana bir marta hisob kitob qilib olishadi. Shundan soʻng, oʻqituvchi har xil tasodifiy voqealar yozilgan (sugʻurta hodisalari) kartochkalarni stol ustiga teskari holatda oldindan tayyorlab qoʻyilgan kartochkalarni yoyib chiqadi. Guruhlarning vazifasi har bir jamoa ishtirokchilari mana shu kartochkalarni navbatma-navbat bitta- bitta olib undagi sugʻurta hodisasiga asosan guruh budjetidan mol-mulkiga, avtomobiliga va sogʻligiga yetkazilgan zarar summasini qoplashi zarur. Albatta, bu sugʻurta turiga qarab amalga oshiriladi. Birinchi guruhdan birinchi ishtirokchi chiqib kartochkani oladi va u guruhi bilan birgalikda kartochkada yozilgan zararni qoplaydi. Bunda holat sugʻurtalangan boʻlsa dastlab sugʻurtadan qoplanadi. Sugʻurta zararni toʻliq qoplab bermasa, zararni qolgan qismini oʻz budjetlari hisobidan toʻlashadi. Toʻlanadigan pulni oʻqituvchiga berishadi. Bu pullarni oʻqituvchi yigʻib boradi. Keyin esa ikkinchi jamoada birinchi ishtirokchi chiqib xuddi shu tartibda vazifani bajaradi. Keyin esa uchinchi jamoada birinchi ishtirokchi chiqadi. Xuddi shu tartibda oxirgi jamoadan birinchi ishtirokchi vazifani yakunlagach, birinchi guruhdan ikkinchi ishtirokchi kartochka tanlaydi va shu tartibda oxirgi guruhning oxirgi ishtirokchisi vazifani bajarguncha davom etadi. Agarda oʻyin vaqtida birorta guruhning mol-mulkiga, avtomobiliga va sogʻligiga yetkazilgan zararni qoplashga guruh budjetida puli qolmasa, oʻsha guruh muddatdan oldin oʻyinni yakunlaydi. Vaqtga qarab chiquvchilar sonini kamaytirish yoki koʻpaytirish mumkin. Oʻyin qiziqarli boʻlishi uchun baʼzi kartochkalarda guruh budjeti uchun beriladigan bonus pullar ham mavjud. Bu pullarni ular guruh budjetiga qoʻshishi zarar. Undan tashqari, oʻyinni intrigasini oshirish uchun har xil jarimalar ham mavjud boʻlib, bu jarimalarni guruhlar oʻz budjetidan toʻlashlari zarur. Oʻyin soʻngida har bir guruhning budjetida qolgan pullar hisoblanib, qaysi guruhning budjetida eng koʻp pul qolgan boʻlsa oʻsha guruh gʻolib deb topiladi.

Maqsadi: sugʻurta vositasida moliyaviy risklarni boshqarishga yoʻnaltirilgan amaliy, interaktiv oʻyin orqali moliyaviy savodxonligini oshirib, oʻquvchilarni real hayot ssenariylari orqali ularning mol-mulki, hayoti, avtomobili va boshqa qimmatbaho buyumlariga yetkazilgan moliyaviy zararlarni oʻrnini qoplashda sugʻurtaning ahamiyatini, shuningdek, moliyaviy yoʻqotishlarni oldini olishda budjetini toʻgʻri taqsimlash kabi boshlangʻich bilimlarni oʻquvchilar ongida shakllantirishdan iborat.

Vazifalari:
• oʻyin orqali oʻquvchilarning sugʻurtaga oid bilimlarini mustahkamlash
• Moliyaviy risklarni boshqarishda sugʻurtani ahamiyatini oʻyin orqali yetkazib berish
• Jamoaviy ishlash qobiliyatini rivojlantirish
• Fanga qiziqtirish.
• Kelajakda investitsiya qilib daromad olishga qiziqtirish

Kompetensiyalar:
• Sugʻurta turlarini va sugʻurtaga oid atamalarni mazmunini tushunish.
• Sugʻurtani insonlarning sogʻligiga, mol-mulkiga yetkazilgan zararlarni qoplashdagi ahamiyatini tushunish va budjetni shunga asosan boshqarish
• Tezkor, toʻgʻri va kreativ fikrlash.

Materiallar tarkibi:
Ssenariy
O‘yin haqida ma'lumot (taqdimot)
O‘yin kartochkalari (taqdimot)
Sug‘urta polislari (taqdimot)
Yasama pullar (taqdimot)

Yuklab olish: O'yin manbasi

Statistika: 21 marta yuklab olingan

O'yinlarga qaytish

TDIU

Mazkur platforma “O‘quvchilar uchun moliyaviy o‘yinlarga asoslangan majmua va uning platformasini ishlab chiqish” mavzusidagi ilmiy-amaliy loyiha doirasida ishlab chiqilgan.