Muallif: TDIU
Tavsifi: “Bank olami: moliyaviy qahramonlar” nomli rolli oʻyin 11-13 yoshli maktab oʻquvchilariga moʻljallangan boʻlib, u orqali oʻquvchilar banklarning mohiyati, bank xodimlarining faoliyati, kredit berish, omonatga pul qabul qilish, hisob-raqam ochish kabi bank xizmatlari turlari bilan tanishadilar. Mazkur oʻyinni bank xodimlari va mijozlari rollarini oʻynash orqali oʻquvchilar bank faoliyati bilan bogʻliq boshlangʻich bilimlarni egallashlari mumkin. Oʻyin oʻquvchilarga nafaqat bank qanday ishlashini tushunishga, balki muzokaralar olib borish, jamoada ishlash, hamda kreativ va tanqidiy fikrlash kabi koʻnikmalarni rivojlantirishga yordam beradi. Oʻyinda oʻquvchilar banklar va mijozlar guruhlariga ajratiladi. Bank guruhlarining har biri bank boshqaruvchisi, kassir, kredit boʻlimi xodimi va omonatlar bilan ishlovchi xodim rolini bajaruvchi 4 nafar ishtirokchilardan iborat boʻladi. Mijozlar guruhlari esa har biri 2 ishtirokchidan iborat boʻladi
Mavzu: Umumiy
Ishtirokchilar yoshi: 11 - 13 yosh
Ishtirokchilar soni: 2 - 24
Davomiyligi: 35 - 40 daqiqa
Format: offline
Qoidasi: Oʻyin boshlanishidan avval oʻqituvchi bank faoliyati haqida qisqacha tushuncha berib, bank xizmatlarining asosiy turlarini tushuntirib beradi. Oʻyindagi har bir qahramonning vazifasiga aniqlik kiritib beradi. Har bir rolni tushuntirib boʻlgach, oʻqituvchi oʻquvchilarni guruhlarga boʻladi (bunda avvaldan 8 ta qogʻozchaga mijoz, 4 ta qogʻozchaga bank boshqaruvchisi, 4 tasiga kassir, yana 4 tasiga kredit boʻlimi xodimi, va yana 4 ta qogʻozga omonatlar bilan ishlash boʻlimi xodimi deb yozib tayyorlab, qurʼa tashlash yoʻli bilan oʻquvchilarga rollarni boʻlib berish mumkin), bank xodimlari avvaldan tayyorlangan joylarini egallaydilar va 5-10 daqiqa ichida oʻz banklari uchun nom, logotip oʻylab topadilar va oldilaridagi qogʻozga chizadilar, shuningdek, koʻrsatiladigan xizmat turlarini ham yozib qoʻyadilar. Bu vaqt davomida oʻqituvchi mijoz rolini bajaruvchi guruhlarga topshiriqlar yozilgan kartochkalarni va oʻyin pullarni tarqatadi va muzokaralarda nimalarga eʼtibor berish lozimligini tushuntiradi. Shundan soʻng oʻquvchilar oʻz rollarini bajarishga kirishadilar. Bank xodimlari oʻz xizmatlarini taklif qilib, koʻproq mijoz jalb qilishga harakat qiladilar, mijozlar oʻzlariga foydali shartlar asosida bank xizmatlarini olishga harakat qiladilar. Oʻqituvchi jarayonni kuzatib, kerakli joyda yoʻnalish berib turadi. Eng koʻp mijozlarni jalb qilishga muvaffaq boʻlgan va eng yaxshi shartlarni taklif qilgan bank gʻolib boʻlishi mumkin. Kreativlik, yaxshi muloqot qobiliyatlari yoki savdolashish qobiliyatini namoyish etgan talabalarni ham alohida taqdirlash mumkin. Ushbu oʻyin nafaqat oʻrgatish xususiyatiga ega, balki oʻquvchilar uchun ham qiziqarli boʻladi, chunki ular oʻzlari bu jarayonda faol ishtirok etadilar va oʻz tajribalaridan oʻrganadilar.
Maqsadi: oʻquvchilarni asosiy bank operatsiyalari va bankning ishlash tamoyillari bilan tanishtirish
Vazifalari:
• Oʻyin orqali oʻquvchilarda bank xizmatlari, bank xodimlari faoliyati bilan bogʻliq boshlangʻich bilimlarni shakllantirish;
• Oʻquvchilarni bank sohasi bilan tanishtirish.
• Bank xizmatlarini tushuntirish va ulardan foydalanishga qiziqtirish
Kompetensiyalar:
• Bank sohasiga oid atamalar mazmunini tushunish.
• Mantiqiy fikrlash va operatsiyalar hisobini yuritish
• Muomala va muzokara qilish
• Qaror qabul qilish
• Tezkor, toʻgʻri va kreativ fikrlash.
Materiallar tarkibi:
Ssenariy
Yasama pullar
Mijozlar uchun topshiriqlar
Hisobot blanklari
Beyjiklar
Yuklab olish: O'yin manbasi
Statistika: 25 marta yuklab olingan
O'yinlarga qaytishDesigned by: Abduazizkhon Shomansurov